Skip to main content

Mezonga asoslangan baholash tizimiga oʻtish: muammolar

Ushbu maqoladagi gaplar “Lingvodidaktikaning dolzarb muammolari” mavzusidagi konferensiyadagi nutqim asosida tayyorlangan. Ushbu maqolada mezonga asoslangan baholash nima? O‘zbekistonda bunga qanday o‘tilmoqda? Bilish, qo‘llash, mulohaza darajalari nima? CHSB va BSB testlaridagi muammolar va ularni yechish uchun nima qilish kerakligi haqida so‘z boradi. Maqolada faqatgina ona tili va adabiyot sohasi haqida xulosalar berilgan. Qolgan fanlar bo‘yicha tahlillarni o‘sha fan mutaxassislariga qo‘yib berishni lozim topdim.

Mezonga asoslangan baholash nima?

Baholash – taʼlim oluvchilarda biror-bir domenning (koʻnikmaning) shakllanganlik darajasini oʻlchash jarayoni.

Mezon – taqqoslash yoki baholash uchun oʻlchov, andoza.

Mezonga asoslangan baholashda oʻquvchilarning natijalari avvaldan belgilangan mezon(andoza)larga solishtiriladi. Ushbu yondashuv taʼlim oluvchilar oʻquv dasturida koʻzlangan maqsadga qay darajada erishganlarini baholash uchun qoʻllanadi.


Oʻzbekiston qanday oʻtmoqda?

Oʻzbekistonda 2023–2024-oʻquv yilida jami 500 ta maktabda tajriba-sinov tariqasida mezonga asoslangan baholash tizimi joriy qilingan. Unga koʻra oʻquvchi har chorakda 100 ball yigʻishi mumkin. U buni quyidagi rasmda berilgan shakllarda toʻplab boradi. 


Bunda FB – formativ baho, BSB – bob bo‘yicha summativ baho, CHSB – chorak bo‘yicha summativ baho.

Aytish kerakki, formativ baho o‘qituvchi tomonidan qo‘yiladigan subyektiv baho hisoblanadi. Darsda qatnashish uchun 6, uyga vazifa uchun 4 ball qo‘yiladi.

BSBlar aksar hollarda loyiha ishlari, taqdimotlardan, CHSBlar 10 yoki 15 ta muqobil javobli test topshirig‘idan iborat bo‘ladi.

Bitta fandan dars soatiga qarab 3 tagacha BSB bo‘ladi. BSBlar uchun ajratilgan 50 ball shu BSBlar orasida taqsimlanadi (teng taqsimlanishi shart emas, masalan, 25, 15, 10 tarzida bo‘lishi ham mumkin)

CHSB har chorakda bir marta o‘tkaziladi va unda 40 ball to‘plash mumkin. Demak, bu ikki baholash materiali o‘quvchi uchun yuqori ta’sir kuchiga ega test (high-stakes test) hisoblanadi.

CHSB testlari ham, BSB topshiriqlari ham baholash mezoni bilan birga markazdan (Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi) yuboriladi. Ba’zi testlarni markazning xodimlari kelib o‘tkazadi, ayrimlarini dars o‘tgan o‘qituvchining o‘zi tashkillaydi (har ikki holatda ham o‘qituvchi test tuzmaydi). Bir chorak dars bergan o‘qituvchining o‘zi, bir chorak markaz test o‘tkazishi, menimcha, to‘g‘ri qaror. Shu orqali ikki holatdagi o‘quvchilarning natijalarini solishtirish imkoni ham paydo bo‘ladi.


Bilish, qoʻllash, mulohaza nima?

CHSB testlari 3 darajadagi topshiriqlardan iborat bo‘ladi – bilish, qo‘llash, mulohaza. Har bir daraja uchun alohida ball ajratilgan (masalan, bilish – 2,5; qo‘llash – 4,5; mulohaza – 5,5). Bu ballar testdan testga o‘zgarib turishi ham mumkin. Ya’ni har bir savolning o‘zi balli bor.

Quyida Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazining shu uch darajani izohlash uchun keltirgan tushuntirishi bilan tanishishingiz mumkin (maʼlumot ushbu maqoladan olingan):

Reproduktiv daraja (bilim). Reproduktiv darajadagi topshiriqlar mazmuni o‘quvchilarning, o‘quv materialini qayta ishlamagan holda esda saqlab qolish qobiliyatini aniqlab beruvchi qonunlar, xossalar, formulalar, tushunchalar va atamalarning mohiyatini o‘rganish, eslab qolish va idrok etishga mo‘ljallangan.

Produktiv daraja (qo‘llash). Topshiriqlar mazmuni mavzuni o‘zlashtirishda fanning qonun va qonuniyatlari, xossalari va formulalarini qo‘llash, berilgan topshiriqlarga mos usullarni tanlash, tahlil qilish, taqqoslash va qarama-qarshi qo‘yish, bir qancha qonun va qonuniyatlardan foydalanishdan iborat. Shu bilan birga, umumlashtirish va xulosa qilish talab etiladi.

Mulohaza yuritish. Intellektual darajadagi topshiriqlarning mazmuni o‘zlashtirilgan bilim, ko‘nikma va malakalarni notanish vaziyatlarda qo‘llashni, qonun va qonuniyatlardan foydalangan holda tahlil, sintez, taqqoslash, umumlashtirishni talab qiladi.

Mulohaza hamda qo‘llash darajalari uchun berilgan izohdagi o‘xshashliklarni sezgan bo‘lsangiz kerak. Tushunchalarni mana shunday xato talqin qilish keyinchalik test topshiriqlarining mazmuniga ham ko‘chgan (bu haqida keyinroq to‘xtalamiz).

Shu oʻrin taʼkidlash kerakki, summativ baho uchun oʻtkaziladigan nazoratlarning koʻpligi (over assessment) taʼlim sifatiga yomon taʼsir qiladi. Oʻquvchini oʻrganishdan bezdirib qoʻyadi. Bu haqida quyidagi maqolalardan oʻqish mumkin:

Assessment too often fails to prioritise learning – let's change that 

Summative Testing Overuse Narrows the Curriculum and Adds toTeacher Workload

EducationDepartment: Too much testing, partly our fault

The Dangers of Testing


CHSB va BSBlardagi muammolar

Bunday baholash tizimi to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekani borasida aniq xulosalar ayta olmayman. Har holda formativ bahoning umumiy natijaga ta’sir qilishini baholash mutaxassislari yoqlashmaydi. Shunday bo‘lsa-da, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining katta iroda ko‘rsatganini e’tirof etish shart deb bilaman.

Ammo CHSB va BSBlarni tayyorlash va o‘tkazish jarayonida markaz anchayin qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ymoqda. CHSB va BSBlarda quyidagi muammolarni kuzatish mumkin:


Markaz tomonidan yuborilgan nazorat materiallarini oʻqituvchi oʻz choʻntagidan chop etayotganini tegishli tashkilotlar tekshirishi lozim deb oʻylayman. Adashmasam, bunday loyihalarda xarajatlar uchun mablagʻ ajratiladi. Agar chop etish uchun mablagʻ ajratilgan boʻlsa, bu mablagʻlar loyihaning qaysi boʻgʻinida yoʻq boʻlib qolayotganini aniqlash zarur. Agar bunday xarajatlar uchun mablagʻ ajratish nazarda tutilmagan boʻlsa, menda savol bor: NEGA? Nima uchun tajriba-sinov ishlari maktabdagi (davlatdagi oʻrtacha ish haqidan ham ancha kam oylik oladigan) oʻqituvchi hisobidan moliyalashtirilmoqda?

Yuqorida aytgan edikki, bir chorakda dars bergan o‘qituvchining o‘zi CHSBlarni o‘tkazsa, keyingi chorakda bu ish bilan markaz xodimlari shug‘ullanadi. Ana shu ikkinchi holatda nazorat juda ham sust. O‘quvchilar bemalol telefonlardan foydalanib testlarni rasmga olishlari va o‘qituvchilar yordamida javob topish holatlari ham uchramoqda.

Biz so‘z yuritadigan asosiy masala – testlarning metodik muammolaridir. Bu borada testlarni tayyorlovchi markaz o‘quv dasturini qamrab olmaslik va bilish, qo‘llash, mulohaza darajalarini aralashtirib yuborish kabi xatolarga yo‘l qo‘ymoqda.



Jadvaldan koʻrish mumkinki, 6-, 7-sinflar uchun tayyorlangan nazorat materiallarining asosini lingvistik bilimni tekshirish tashkil etmoqda. Bu sinflarning oʻquv dasturi esa nutqiy koʻnikmalarni rivojlantirish ustiga qurilgan. Demak, nazorat materiallarida lingvistik bilim va nutqiy koʻnikmalarni tekshirishga qaratilgan topshiriqlar soni shunga mutanosib boʻlishi lozim.

Yuqoridagi ikki sinf misol test topshiriqlari oʻquv dasturini toʻliq qamrab olmagani muammo mavjud ekanini isbotlash uchun yetarli deb oʻylayman.

Mezonga asoslangan baholashning bosh maqsadi – taʻlim oluvchi oʻquv dasturini qanchalik darajada oʻzlashtirganini aniqlashdir. Shunday ekan, nazorat materiallari ham oʻquv dasturiga muvofiq kelishi, uni toʻliq qamrab olishi kerak.

Endi markaz tomonidan tuzilgan, oʻqituvchilarga yuborilgan ayrim testlarni bilish, qoʻllash va mulohaza darajalari aks etganligi yuzasidan tahlil qilamiz.


5-sinf, Ona tili, 2-CHSB
5-sinf, Ona tili, 2-CHSB

Test topshirigʻi qoʻllash darajasi uchun tuzilgan. Ushbu testda ikkita muammo bor:

1. Testlarda D variantda berilgani kabi usullardan foydalanishdan voz kechilganiga 8 yildan oshdi. Bunday variantning boʻlishi testning validlik va ishonchlilik koʻrsatkichlariga taʼsir qiladi.

2. Test topshirigʻida berilgan soʻzlar darslikdagi bir topshiriqdan olingan. Bunday vaziyatda test qoʻllash emas, bilish (yana ham aniqrogʻi, eslab qolish) darajasida boʻladi. Chunki qoʻllash bilimni begona vaziyatda qoʻllashga nisbatan aytiladi (markaz oʻzi bergan izohdan ham shu oydinlashadi, yuqoriroqni qarang).

5-sinf "Ona tili" darsligi
5-sinf "Ona tili" darsligi



5-sinf, Ona tili, 2-CHSB

5-sinf, Ona tili, 2-CHSB


Ushbu test mulohaza darajasi uchun tuzilgan. Ammo menda bir savol bor – buning nimasi mulohaza. Bir soʻzning tovushlar tarkibini aniqlash oʻquvchidan mulohazaga oid qanday koʻnikmani talab qilishi mumkin? Bu qoʻllash yoki bilish darajasining yuqori bosqichi hisoblanadi. Asli mulohaza emas.

6-sinf, Adabiyot, 2-CHSB
6-sinf, Adabiyot, 2-CHSB

Test topshirigʻi qoʻllash darajasi uchun. Ayting-chi, oʻquvchi bir sheʼrni kim yozganini bilishda qoʻllashga oid qaysi koʻnikmani ishlatadi? Bu bilish (aslida eslab qolish) darajasidagi savol hisoblanadi.


6-sinf, Adabiyot, 2-CHSB
6-sinf, Adabiyot, 2-CHSB

Bilish (aslida eslab qolish) darajasidagi test mulohaza darajasi uchun berilmoqda.


6-sinf, Ona tili, 4-CHSB
6-sinf, Ona tili, 4-CHSB

Ushbu testda soʻralgan iboralar aynan darslikdagi iboralar boʻlib, bunday vaziyatda test qoʻllash darajasida boʻla olmaydi – bilish darajasi boʻlishi kerak (aslida darslikda bor, darsda bajarilgan topshiriqni testga aylantirib BSB yoki CHSBda berish butkul notoʻgʻri).

6-sinf "Ona tili" darsligi
6-sinf "Ona tili" darsligi


6-sinf, Ona tili, 4-CHSB
6-sinf, Ona tili, 4-CHSB

Ushbu topshiriqda soʻralgan tasviriy ifoda ham darslikda mavjud:

6-sinf, "Ona tili" darsligi
6-sinf, "Ona tili" darsligi


6-sinf, Ona tili, 4-CHSB
6-sinf, Ona tili, 4-CHSB

Darslikdagi topshiriqlarni testga aylantirishdan zerikkan markaz xodimlari endi testlarni darslikdan koʻchirib qoʻya qolishgan (toʻgʻri, ikkita variantni boshqa javobga almashtirishgan).

6-sinf, "Ona tili" darsligi
6-sinf, "Ona tili" darsligi

Berilgan barcha CHSBlarni yuqoridagi kabi tahlilga tortsak, faqatgina bilish darajasidagi testlargina qolishi ehtimoli yuqori. Keltirilgan tahlillarning oʻzi-da xulosa qilish uchun yetarli deb oʻylayman.



Xulosa(m)

1. Yuqoridagi kamchiliklarni asos qilgan holda tajriba-sinov jarayonida olingan natijalar mutlaq haqiqat deb tan olinmasligi hamda tajriba-sinov ishlari qayta tashkil etilishi lozim.

2. Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi testolog mutaxassislari malakasini oshirish shart.

3. Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi har bir CHSBni oʻquv dasturiga moslashi, qatʻiy spetsifikatsiyani oldindan belgilashi (yuqori taʼsir kuchiga ega testlarda shunday qilish kerak) va oʻqituvchi hamda oʻquvchlarga oldindan eʼlon qilish amaliyotini joriy qilishi kerak.

4. Testlarni uch darajada emas, yangilangan Blum taksonomiyasining barcha darajalarida ishlab chiqish maqsadga muvofiq.

5. Har bir CHSB aprobatsiyadan oʻtkazilishi va xulosalar asosida qayta ishlanishi zarur.

6. Har bir maktab nazorat materiallarini chop etish kerakli jihoz va qogʻozlar bilan taʼminlanishi shart.

7. Baholash jarayoniga xususiy tashkilotlar (akkreditatsiyadan oʻtgan baholash markazlari)ni ham jalb qilish orqali uning sifatini oshirish, testlarning xavfsizligini taʼminlash haqida bosh qotirmoq lozim.


Comments

Popular posts from this blog

Bodroqchasiga o‘qitish...

Hamma maktabda bitta matnni butun sinf bo‘lishib o‘qigan paytlarini eslay olsa kerak. Bu usul boshlang‘ich sinflarda ko‘p qo‘llanadi. Aytish kerakki, bu aksar o‘qituvchilarning sevimli mashg‘ulotiga ham aylanib qolgan. Xo‘sh, matnni bo‘lishib (har bir o‘quvchi bittadan gapni o‘qishi) orqali o‘qitish qanchalik samarali? Ushbu maqolada shuni muhokama qilamiz.   Bodroqchasiga o‘qitish degani nima? Navbat bilan o‘qitish – g‘arb pedagogikasida “popcorn reading”, “Round-Robin reading” nomlari bilan mashhur ushbu usul o‘quvchilar bir matnni bo‘lishib, navbati bilan ovoz chiqarib o‘qishidir. Odatda, bu usuldan kattaroq matnlarga duch kelinganda foydalaniladi. Bu usul bizning vatanimiz maktablarida ham juda mashhur.   Nega bu usuldan foydalanamiz? Vaqtni tejash. Bizda bitta matn va qisqa vaqt bor. Shu qisqa vaqt ichida imkon qadar ko‘proq o‘quvchini qamrab olish kerak. Bunday vaziyatda matndagi har bir gapni bir bolaga o‘qitish vaqtni tejashga, hammaga o‘qish imkonini yaratishga yord...