Skip to main content

Bodroqchasiga o‘qitish...


Hamma maktabda bitta matnni butun sinf bo‘lishib o‘qigan paytlarini eslay olsa kerak. Bu usul boshlang‘ich sinflarda ko‘p qo‘llanadi. Aytish kerakki, bu aksar o‘qituvchilarning sevimli mashg‘ulotiga ham aylanib qolgan. Xo‘sh, matnni bo‘lishib (har bir o‘quvchi bittadan gapni o‘qishi) orqali o‘qitish qanchalik samarali? Ushbu maqolada shuni muhokama qilamiz.

 

Bodroqchasiga o‘qitish degani nima?

Navbat bilan o‘qitish – g‘arb pedagogikasida “popcorn reading”, “Round-Robin reading” nomlari bilan mashhur ushbu usul o‘quvchilar bir matnni bo‘lishib, navbati bilan ovoz chiqarib o‘qishidir. Odatda, bu usuldan kattaroq matnlarga duch kelinganda foydalaniladi. Bu usul bizning vatanimiz maktablarida ham juda mashhur.

 

Nega bu usuldan foydalanamiz?

Vaqtni tejash. Bizda bitta matn va qisqa vaqt bor. Shu qisqa vaqt ichida imkon qadar ko‘proq o‘quvchini qamrab olish kerak. Bunday vaziyatda matndagi har bir gapni bir bolaga o‘qitish vaqtni tejashga, hammaga o‘qish imkonini yaratishga yordam beradi.

Hamma bir xil muddatda o‘qishi. Bodroqchasiga o‘qitar ekanmiz, hamma matnni bir xil vaqtda eshitadi (o‘qiydi). Kimdir kech ham qolmaydi, kimdir oldinga chiqib ham ketmaydi (odatda matnni mustaqil o‘qib chiqish topshirilganda hammaning tezligi har xilligi sabab kimdir erta yakunlaydi, kimdir kech).

Sinfdagi jimlikni saqlash. O‘quvchilar bilishadiki, unga navbat kelganda adashmasdan kelgan joydan davom ettirmoq lozim. Buning uchun boshqalarni diqqat bilan eshitishi kerak. Shu omil sabab bodroqchasiga o‘qitish vaqtida sinf anchayin tinch bo‘lib qoladi.

 

Buning nimasi yomon😦?

Tushunishni yomonlashtiradi. O‘quvchilar bir sinfda o‘qisalar ham, ularning o‘qish tezligi, talaffuzi, diksiyasi, ravonligi turlicha bo‘ladi. Har bir o‘quvchi o‘ziga xos o‘qiydi. Bundan tashqari har navbat almashilganda ma’lum pauza ham paydo bo‘ladi. Aynan shu omillar eshitilgan matnning juda ham yomon tushunilishini ta’minlaydi. Ya’ni matnni hamma eshitadi, ammo tushunish masalasida oqsaydi.

Ravonlik ko‘nikmalarining o‘zlashtirilishini sekinlashtiradi. Ma’lum darajada tez va ravon o‘qish ko‘nikmasi har bir odam uchun muhim. Bundan tashqari har qanday odam matnni ovoz chiqarib o‘qishni eplay olishi lozim. Bu orqali o‘quvchilarda notiqlikka oid ko‘nikmalar ham shakllanadi. Ammo butun sinf seni diqqat bilan eshitib turganini his qilish, xato qilsang ba’zilar bexosdan ustingdan kulishidan xavotir bosimlari ostida ravon va ovoz chiqarib o‘qish ko‘nikmasi juda ham sekin rivojlanadi. Umuman rivojlanmasligi ham mumkin.

O‘quvchilardagi ishonchni o‘ldiradi. Bodroqchasiga o‘qitganimizda o‘qish ko‘nikmasi yaxshi bo‘lganlar umuman muammo his qilmasliklari mumkin. Ammo bu borada hali qiynaladiganlar o‘ziga nisbatan ishonchni yo‘qotib qo‘yadi. Hech qachon sinfdoshi kabi o‘qiy olmasligi haqida o‘ylay boshlashi oqibatida o‘qishga bo‘lgan qiziqishi so‘nishi ham mumkin. “Baribir qo‘limdan kelmaydi”, – deb o‘ylab qolishi ehtimoli yuqori.

 

Demak...

Bodroqchasiga o‘qitish usuli vaqtni tejagani, sinfda jimlikni ta’minlagani bilan, ko‘proq zarar keltirar ekan. O‘quvchilarning ishtiyoqi, o‘qish ko‘nikmalarini o‘zlashtirishlari, o‘qilgan yoki eshitilgan matnni tushunishlari – vaqt va jimlikdan ko‘ra muhimroq.

 

Xo‘sh, o‘rniga nima bor?

Kelly Jonson va Diane Lapp bodroqchasiga o‘qitish usuli o‘rniga foydaliroq boshqa usullarni taklif qilishadi.

Takroriy o‘qish – matnning qisqa, ammo mazmun anglatuvchi parchasini yetarli darajada ravonlikka erishmagunga qadar qayta-qayta o‘qish. Tadqiqotlar ko‘rsatadiki, bu usul o‘quvchilarning ravon va tez o‘qish ko‘nikmalarini sezilarli yaxshilaydi. Bu usulni quyidagicha qo‘llash mumkin:

O‘quvchilarga matn beriladi. Uning qisqa, ammo mazmunli (biror ma’lumot olish imkoni bo‘lgan) qismini ovoz chiqarmay o‘qishlari aytiladi. Keyin partadoshiga o‘sha parchani o‘qib berish kerak. Bunda partadosh uni diqqat bilan eshitadi. Keyin o‘rin almashishadi. Undan so‘ng qisqa vaqt ichida parchadagi mazmunni bir-birlariga so‘zlab berishlari lozim. Bu bilan ham o‘qish, ham tushunish, ham og‘zaki nutq ko‘nikmalari rivojlantiriladi. Keyingi parchaga o‘tilganda o‘quvchilar sheriklarini almashtirishlari ham mumkin. Agar qaysidir juftlikdagi o‘quvchida ravonlik yoki tushunishda muammo bo‘lsa, o‘qituvchi uning qulog‘iga shu parchani yana qayta o‘qish va so‘zlab berishni so‘rashi mumkin.

 

Xor bo‘lib o‘qish – hamma bir vaqtning o‘zida matnning ma’lum qismini ovoz chiqarib o‘qishi. Bunda butun xatboshini xor bo‘lib o‘qish to‘g‘ri emas, kimdir ortda qolishi, kimdir oldinga chiqib ketishi, kimdir umuman o‘qimasligi mumkin. Xor bo‘lib o‘qishda sarlavhalarni, bir gapni, kichikroq ikki gapni o‘qish yaxshi natija beradi.

 

Aks-sado usuli. Bu usulni ko‘proq hali unchalik ham yaxshi o‘qiy olmaydigan o‘quvchilar (1-, 2-sinf) uchun qo‘llagan ma’qul. Bunda o‘qituvchi avval matnning biror qismini (sarlavha, so‘z birikmasi, jumla, kichik xatboshi) namunali tarzda o‘qiydi. O‘quvchi yoki bir o‘quvchilar esa qaytarishadi. Bunda o‘quvchilar yodlab olishlari emas, kitobdan qarab, o‘qituvchilariga o‘xshatib o‘qishlari lozim. E’tibor berish kerakki, o‘qituvchi namuna sifatida o‘qiganda uzun gap yoki uzun xatboshini o‘qimasligi lozim. O‘quvchilar adashib ketishlari mumkin.

Yuqoridagi usullar bodroqchasiga o‘qitishdan ko‘ra samaraliroq bo‘lib, ham ravonlik, ham tushunish, ham gapirish ko‘nikmalarini rivojlantirishda yordam beradi. Bundan tashqari, ushbu usullar o‘quvchilarni kamroq stressga qo‘yadi va ishtiyoqini yuqori ushlashga imkon beradi.

 

Foydalanilgan manbalar:

Cult of Pedagogy sayti (maqolaga havola).

Tod Finnleyning maqolasi.


Ushbu materialdan foydalanilganda muallif va manba koʻrsatilishi shart.

 

 

Comments

Popular posts from this blog

Mezonga asoslangan baholash tizimiga oʻtish: muammolar

Ushbu maqoladagi gaplar “Lingvodidaktikaning dolzarb muammolari” mavzusidagi konferensiyadagi nutqim asosida tayyorlangan. Ushbu maqolada mezonga asoslangan baholash nima? O‘zbekistonda bunga qanday o‘tilmoqda? Bilish, qo‘llash, mulohaza darajalari nima? CHSB va BSB testlaridagi muammolar va ularni yechish uchun nima qilish kerakligi haqida so‘z boradi. Maqolada faqatgina ona tili va adabiyot sohasi haqida xulosalar berilgan. Qolgan fanlar bo‘yicha tahlillarni o‘sha fan mutaxassislariga qo‘yib berishni lozim topdim. Mezonga asoslangan baholash nima? Baholash – taʼlim oluvchilarda biror-bir domenning (koʻnikmaning) shakllanganlik darajasini oʻlchash jarayoni. Mezon – taqqoslash yoki baholash uchun oʻlchov, andoza. Mezonga asoslangan baholashda oʻquvchilarning natijalari avvaldan belgilangan mezon(andoza)larga solishtiriladi. Ushbu yondashuv taʼlim oluvchilar oʻquv dasturida koʻzlangan maqsadga qay darajada erishganlarini baholash uchun qoʻllanadi. Oʻzbekiston qanday oʻtmoqda? Oʻzbekis